Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish A‘zo bo‘lish
Kutubxona | { aDaBiYoT }

RUHLAR ISYONI

Qo'shdi:@YoSuMaN@ (14.08.2016 / 08:50)
Reyting:rating 798 article (1)
Oqilgan:2338
Fikrlar:Fikr bildiraolmaysiz
Bengal shoiri Nazrul Islomga bag'ishlab yozilgan.

Bu dunyoning
Quvonchi kam
Dard-u g'ami - ziyoda...
G'alayon.
Kalkutta, 1926-yil.
Kalkuttani quchdi g'ulu,
Bosh ko'tardi olomon.
Qutlug' jang, deb turdi hindu,
G'azot, dedi musulmon.
Barahmanlar dovul qoqdi,
Fatvo berdi Imomlar.
Ko'cha to'lib, qonlar oqdi
To'qnashganda imonlar.
Farzandidan ona ayru,
Otasidan - qiz, o'g'lon,
Budda haqqi,
Bos, der hindu,
Alqasos, der musulmon.
Hindu ishi tahqir bo'ldi,
Muslim ishi - tahdidlar.
Butxonalar vayron bo'ldi,
Yakson bo'ldi
Masjidlar.
Rikshami bu, sohibmi bu,
Gadomi, yo zodagon -
Farqsiz.
Faqat -
Bir yon hindu,
Bir yon esa - musulmon.
Sirtga chiqdi
Asrlik kin
Va ming yillik kudurat.
Ikki jondosh el aro din
Yana soldi adovat.
Aslida-ku
Hayot og'u turmush o'zi - zimiston.
Aybdor emas bunga hindu,
Gunohkormas musulmon.
Aslida-ku...
Beiztirob
Ho'plab qora qahvoni
Derazadan oq tan janob
Kuzatar mojaroni.
U ko'p xursand,
Labda kulgu,
Ko'zi chaqnar komiron.
Musulmonni so'kar hindu,
Hindni esa, musulmon.
Janob shodon,
Ushalmoqda
Niyatining eng ulug'i.
Hosil bo'ldi shu tuproqda
Ekkan nifoq urug'i.
Bo'lmasin, deb qilar orzu,
Bu nizoga hech poyon.
Mayli,
Ko'proq o'lsin hindu,
Ko'p qirilsin musulmon.
Nazrul
Johil olomonga
Qaradi-yu oh chekib -
O'zni otdi tik maydonga
Yoqasini chok etib.
Faryod qildi:
"Ne vahshat bu,
Bas, xaloyiq!
Al omon!
Qotillikni to'xtat, hindu,
G'azotni qo'y, musulmon
Hind, musulmon -
Birodarmiz,
Farzand Odam Atoga!
Haq oldida barobarmiz,
Ayting, ne bor nizoga!
Xunrezlik qil, demagan-ku
Na Veda-yu
Na Qur'on!
Tig' uradi nega hindu,
Bosh kesadi musulmon?
Farq - kim mehrob, kimsa butga
Sig'inib bosh qo'yadir.
Shu farq uchun
Yoqib o'tga
El bir-birin so'yadir.
Bas, endikim,
Jangni qo'ying, odamlar!
Sizning asli yovingiz kim -
Bilib qo'ying,
Odamlar!
Uzoq yurtdan kelib,
Yerga bukib shonimiz
Bizni bizga dushman qilib,
So'rmoqdalar qonimiz.
Bosqinchining
Qadimdanoq
Falsafasi ayondir.
El ichida bo'lsa nifoq,
Demak, zolim omondir.
Ular
Mazlum vatanida
Bo'lmasin, der, sobitlar.
Jaholatning gulxanida
Isinadi zobitlar.
Eldan omad ketsa,
Dastlab,
Hamjihatlik yo'qolgay.
Bunda elni
Sirtmoq tashlab,
Har bosqinchi yo'qotgay.
Bu adovat
Nahot mangu?
Nahot bitmas bu qiron?
Do'st bo'lolmas
Nahot, hindu - jigariga musulmon?
Sen hindmisan
Muslimmi yo
Birlik chog'i - bu choqdir.
Bosqinchini, eng avvalo,
Hind bahriga uloqtir.
So'ng ushalgay
Barcha orzu,
Yashar ozod, tinch, omon.
Vataniga ega hindu,
Yurtida bek - musulmon..."
***
Alangali bu nolaga
Quloq tutdi
Hindiston
Keksa Thokur shukr aytdi shod,
Oq soqolin siladi.
Yosh shoirga
Nurli ijod,
Bezavollik tiladi.
Bu dunyoga
Nazrul ammo
Olov bo'lib kelgandi.
O'z-o'zidan yonib ado -
Bo'lishini bilgandi.
Asroldi na xalq, na Thokur,
U sig'madi zamonga.
Isyonkorlik
Uni oxir
Olib keldi zindonga.
***
Nazrul Islom bo'ldi mahbus
Tunda uydan oldilar.
El ko'zidan uzoq, maxsus
Bir xonaga soldilar.
Ishi qiziq bu jahonning.
Hakamlar hukm etdilar:
Shoirni ul g'alayonning
Sababkori, dedilar.
Aybnomani tinglang, hatto -
Faryod qilar toshlar ham,
"Hindu bilan muslim aro
Qutqu solgan - shul odam!"
Olis yurtdan kelgan birov
Ayb qo'ydi beandisha:
"Nazrul Islom -
Xalqiga yov,
Nifoq istar hamisha..."
Bu dunyoda bor qabohat
Bu dunyoda bor yolg'on
Ammo bunday oshkor tuhmat
Bo'lmagandi hech qachon.
Nazrul Islom nomi oxir
Ming baloga taqaldi.
El uchun
Jon tikkan shoir
El dushmani ataldi.
Hukm o'qildi:...
Bosh egib u
Asta borar hibs tomon.
Ajaaaab!
Soqchi - bir yon hindu,
Bir yon esa, musulmon.
Uni turtar musulmon ham,
Siltaydi hind havodor
- Qirpichoqda o'ldi akam,
Senda ekan ayb, murdor!
- Ko'p azoblar chekdi hindu,
Ko'p qon to'kdi musulmon.
Sen kabilar yo'qolsa-ku,
Yashar edik
Tinch, omon...
Asta qadam tashlar Nazrul
O'ylaridan ogoh yo'q.
Soqchilardan ranjimas ul,
Jaholatda gunoh yo'q.
***
Shu zaylda o'tdi kunlar
Nazrul toza qiynoqda.
Jon berdi oh ming azobda
Ozodlik yaqin chog'da.
Bayroq qilib
El qo'zg'aldi -
Nazrul Islom ismini.
Tor zindondan uni oldi,
Ammo faqat
Jismini.
Nazrul islom
Ozod,
Ammo
El qanoti qayrildi.
Yosh, navqiron tirik siymo -
Shoiridan ayrildi.
Nazrul Islom
She'ri butun
Hindistonda yangrardi.
Ammo shoir uni bugun
Na tinglar, na anglardi.
Shoirini qo'ymay -
Qo'lda
El ko'tarib eltardi.
Na quvonar
Nazrul bundan
Va na parvo etardi.
Bir yonida quchar hindu,
Bir yonidan musulmon.
Ammo
Hushdan ayrilgan u,
Unga yotdir bu jahon.
Tabriklaydi
Uni Thokur:
"Ozodliging muborak!"
Ro'znomalar qutlov yozur,
Bular unga ne kerak?
U na uyg'oq
Va na uxlar,
Hissiz boqib turardi.
Ruhi uning
Oliy ruhlar
Dargohida yurardi.
Shoir topdi
Erk chinakam,
Ozod bo'ldi tamoman.
Bir yo'l unga dardi olam
Barbod bo'ldi tamoman.
U bir yo'la
Sho'rishlardan
Savdolardan qutuldi.
Jabr-u jafo ko'rishlardan,
Nizolardan qutuldi.
Qutuldi
U sig'olmagan
Sig'dirmagan jahondan,
Xolis bo'ldi
Ham zindondan,
Ham zindondek zamondan.
Ham tark etdi bir yo'l uni
El dardidek og'ir yuk.
Bu dunyoda qoldi tani,
Behush, beruh va buyuk.
Qirq yil o'tdi,
Uzoq qirq yil.
Bu dunyodan begona -
Nazrul Islom
Yashar bedil,
Yashar darvish,
Devona.
Qirq yil ichra
Nelar ko'rib,
Nelar chekdi
Hindiston,
Ammo ko'zi ochiq turib,
G'ofil o'tdi yoniq jon.
Bosqinchilar
Yurtdan ketdi -
El g'azabi
Quvoldi
Shoir buni
Na his etdi,
Na ko'rdi,
Na quvondi.
Nazrul Islom bu dunyoda
Yetmish besh yil
Yashadi.
Ammo
O'ttiz ikki yoshda
Bu dunyoni
Tashladi.
Shoir umri
Qoldi she'rda,
Qoldi
Yoniq dostonda
Bitganlari
Uning - yerda,
Ruhi esa, osmonda.
Yuklash txt | fb2
Onlayn: 1 | 3 | 47
A'zo bo'lish