Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish A‘zo bo‘lish
Kutubxona | { aDaBiYoT }
1 2 >>

Avlodlar Dovoni

Qo'shdi:A_Z_I_Z_ (28.06.2016 / 14:24)
Reyting:rating 528 article (0)
Oqilgan:1232
Fikrlar:Fikr bildiraolmaysiz
Hijriy 935-yilda* Agraga ko‘chib kelgan Xonzoda begim o‘n yildan beri Hindistonda istiqomat qilayotgan bo‘lsa ham, hanuzgacha bu yerdagi yil fasllari¬ning g‘aroyibligiga o‘rganolmaydi. Uning nazarida, Agra¬ning kuzi va qishi yo‘q, bahori bilan yozi esa yil bo‘yi davom etadi. Kech kuzda, begimning yoshligi o‘tgan Farg‘ona vodiysida, daraxtlar bargini duv to‘kadigan xazonrezlik paytida Agraning yam-yashil xurmozorlari xuddi yozdagidek meva berib turadi. Qishda, Samar¬qandning moviy gumbazlari oppoq qor bilan beza¬nadigan paytda Jamna bo‘ylarida donli ekinlar boshoq tortadi, toklar esa gulga kiradi. Xut oyining oxirida Toshkentda qish qirovlari endi tugaydigan kezda Hin¬distonning janubida ertaki uzumlar pishadi. Navro‘z kirganda esa bozorga yangi qovun chiqadi va hind dalalarida arpa o‘rimi boshlanadi.
Agradagi Zarafshon bog‘ida baland gulmohur daraxtlari bor. Bu daraxtlar navro‘z arafasida butun barglarini birdan to‘kadi-yu, novdalaridagi shig‘il g‘unchalar birvarakayiga ochiladi. Shunda yaproqsiz novdalarning hammasi yirik-yirik qizil gullar bilan qoplanadi. Ulkan gulmohur daraxtlari qip-qizil gul¬xanlarga o‘xshab ko‘zni yondiradi. Shuning uchun bu ajoyib daraxtni olovli mohur ham deyishadi.
Mana shu gulmohurlar yonidagi tillakori tolorda* yoshi oltmishlardan oshgan, sochlari oqarib, jussasi kichik bo‘lib qolgan Xonzoda begim xomush bir qi¬yofa bilan yolg‘iz o‘ltiribdi.
Bog‘ juda orasta, yo‘lkalarga oltinrang qumlar solingan, marmar ariqlardan tiniq suvlar jildirab oqa¬di. Chorchamanlarda mamlakatning eng noyob gullari muattar hid taratib ochilib turibdi. Lekin bu hammasi Xonzoda begimga juda omonat tuyuladi. Inisi Bobur qonli janglarda barpo etib ketgan ulkan davlat hanuzgacha hind yeriga teran ildiz otolgan emas. Fotihlik qilichining yaralari tezda tuzalmas ekan. Mamla¬katning turli o‘lkalarida Humoyun va uning inilariga qarshi ketma-ket isyonlar bo‘lmoqda. Shu xatarli vaziyatda og‘a-inilar inoq bo‘lish o‘rniga bir-birlari bilan chaplashib, hokimiyat talashadilar. Xonzoda begim ularni murosaga keltirolmay qiynaladi. Hozir bog‘da o‘ltirgan paytida ham, butun xayoli og‘a-inilarning nizolaridan beri kelmaydi.
Begimning parishon nazari tushib turgan ko‘ka¬lamzor maydonda esa bir to‘p otliq qizlar chavgon* o‘ynamoqda. Ular Xonzoda begimday mashhur kayvoni o‘yinga qarab turganidan ruhlanib, jon-jahdlari bilan chavgon to‘pini muxoliflar darvozasiga kiritishga intiladilar.Bir taraf darvoza bo‘z otliq qizlar himoyasida. Qora otliqlarga ikkinchi darvoza berilgan. O‘yinchilarni farq qilish oson bo‘lishi uchun bo‘z otliq qizlar sariq rangli cholvor va nimcha kiyishgan. Qora otliqlar esa qizil kiyimda.
Hindol mirzoning yoshgina xotini Sultonim begim maydon atrofida saman otini yo‘rttirib, o‘yinga hakamlik qiladi. Uning qo‘lida zargarlar bulbulga o‘xshatib chiroyli qilib yasagan oltin hushtak. Qoidani buzganlar shu hushtak bilan ogohlantiriladi.
Bir payt to‘p bo‘z otliqlarning darvozasiga kiritildi-yu, o‘yinning shiddati oshib ketdi. Xonzoda begim chavgoncho‘plarning bir-biriga shaq-shuq urilayotganini, bo‘z otliqlar juda qattiq hujumga o‘tganini ko‘rganda, «biron kor-hol bo‘lmasin tag‘in», deb beixtiyor xavotirlandi. Bu xavotirlik endi uning e’tiborini o‘yinga tortdi.
Tapir-tupur ot chopayotganlar — bo‘y yetgan xushro‘y qizlar. Ularning orasida Gulbadan begim ham bor. Qizlarning hech biri Xonzoda begimning ko‘zi oldida mag‘lub bo‘lib, uyalib qolishni istamaydi, hammasi to‘pni boshqalardan tortib olishga intiladi. Shunda otlari bir-biriga urilib, ayqashib ketadi, goho biron ot urilish zarbidan gandiraklab yiqilgudek bo‘ladi. Bu qaltis holatlar Xonzoda begimni iztirobga sola boshladi.
Axir bu qizlar eng nufuzli bek-u a’yonlarning oilasidan. Agar birontasining yuz-ko‘ziga chavgoncho‘p tegib yarador qilsa, chandiq qoldirsa yoki birontasi otdan yiqilib, tuyoq tagida ezilsa mutaassib shayxlar yana fisq-u fasodni ko‘paytiradi. Ular qizlarning doim parda ichida — uy asirasi bo‘lib o‘ltirishini talab qiladilar. Lekin parda ichida xonanishin bo‘lib beha¬rakat yashaydigan ayollar notavon va mo‘rt bo‘lishini, baquvvat nasl berolmasligini Xonzoda begim yaxshi biladi. Begim bilan birga bu yerlarga kelgan el-ulusning qizlari esa qadimdan otliq yurib o‘rganganlar. Hozir ham Xonzoda begim biladigan ayollarning bir yerda muqim turadiganlari oz. Erlar qatori ayollar ham hali Xurosonda, hali Kobulda yashaydilar, hali Badax¬shonga ketib, hali Agraga keladilar. Bu uzoq o‘lkalar orasida ikki-uch oylik yo‘llarni ko‘pgina qizlar otliq bosib o‘tadi. Taqdir taqozosi shundoq bo‘lgach, ota-bobolar udumi bo‘yicha qizlarni ham yoshligidan chavandozlikka o‘rgatish, ular orasida ham poygalar, musobaqalar o‘tkazish joiz emasmi? Albatta, qizlarni otdan yiqilish-u mayib bo‘lishdan ham ehtiyot qilish kerak!
Xonzoda begim shuni o‘ylab, o‘yinni hayajon bilan kuzatgani sari qizlar xavf-xatarni unutib, to‘daga dadil tashlanishar, qamchi o‘rniga chavgoncho‘p bilan ot¬la¬ri sag‘risiga urib, muxolif tomonga hamla qilishardi.Bo‘z otliq qizlardan Hamida degani o‘yinchilar g‘ij-bij bo‘lib turgan to‘daga o‘qday yorib kirdi-yu jilovni qo‘yib yubordi. Chavgoncho‘pni ikki qo‘llab tutganicha, uzangiga oyog‘ini tiradi-da, uloqchilardek pastga engashdi. Bu qiz qoplon kabi chaqqonlik bilan to‘pni chavgoncho‘pga ilintirib to‘dadan olib chiq¬qanda, Xonzoda begimning zavqi kelib «o!» deb yubordi. Narigi darvoza himoyasiz qolgan edi. Hami¬da «go‘y» deb ataladigan to‘pni o‘sha tomonga chir-pirak qilib olib o‘tdi. Uning oti ham shamolday uchmoqda edi. Qora otliqlar quvib yetganicha bo‘lmay, Hamida bonu to‘pni darvozaga shunday chapdastlik bilan urib kiritdiki, buni ko‘rgan Xonzoda begim:
— Balli, sherqiz! — deb qarsak chaldi.
Otini burib orqaga qaytayotgan Hamida bonu Xonzoda begimning so‘zini eshitmagan bo‘lsa ham, uning qarsak chalganini ko‘rib, o‘zida yo‘q suyundi.
Tillakori tolorda o‘ltirgan begimning jussasi kich¬kina ko‘rinsa ham, Hamida bonu uchun ayol zoti orasida undan salobatlisi va qudratlisi yo‘q. Sultonim begim Hamidaga yaqin kelib:
— Eshitdingizmi? — dedi. — Hazrat onam sizga «sherqiz!» deb tahsin aytdilar.
— Chindanmi, a?
— Men ham eshitdim! — dedi bo‘z otliq Gulbadan begim.
Hamida bonu hayajon ichida otini tolor tomonga burdi-da, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, Xonzoda begimga qulluq qildi.
Bu kayvoni begimning boshidan qanday dahshatli fojialar kechganini Hamida yaxshi biladi. O‘ttiz to‘rt yoshida beva qolgan va yolg‘iz o‘g‘li Xurramshohdan judo bo‘lgan Xonzoda begim keyinchalik Sultonimni farzandlikka olgan. Sultonim aslida andijonlik me’mor, mavlono Fazliddinning jiyan avlodidan edi. Qizcha ikki yasharligida ota-onasi vaboga uchrab o‘lib ketishgan, mavlono ularga juda qattiq kuygan edi. Voqeadan xabar topgan Xonzoda begim mav¬lononing hurmati uchun ikki yashar Sultonimni o‘ziga qiz qilib oldi, unga butun mehrini berib, o‘n to‘rt yil tarbiyaladi. Bultur jiyani Hindol mirzoning Sultonimga ko‘ngli borligini sezib, Humoyunning maslahati bilan ularning to‘ylarini o‘tkazdi. Bu to‘y shunchalik katta
Yuklash txt | fb2
1 2 >>
Onlayn: 2 | 3 | 36
A'zo bo'lish